Facebook Ads hisobotini har kuni Telegram'ga olish
3 daqiqa o'qish
Ads Manager'ni har kuni ochib, o'sha-o'sha beshta raqamni ko'chirish — takrorlanadigan ish. Uni bir marta sozlab qo'yib, keyin unutish mumkin.
Hisobot nima qiladi
Siz qaysi reklama akkaunti, qaysi ko'rsatkichlar va qaysi soatda kerakligini aytasiz. Shundan keyin har kuni o'sha soatda tayyor xabar Telegram chatga tushadi.
Xabar telefonda o'qish uchun tuzilgan: raqamlar tartibli, kerak bo'lsa emoji bilan ajratilgan. Kompyuter ochish, kabinetga kirish va filtr qo'yish kerak emas.
Qaysi ko'rsatkichlar chiqadi
Ro'yxatda 67 ta reklama ko'rsatkichi bor va ular to'qqiz guruhga bo'lingan: asosiy, unique, trafik va havolalar, faollik, video, sotuvlar, konversiyalar, katalog va qo'shimcha.
Ularning hammasini bir xabarga tiqish shart emas, shuning uchun uch xil rejim bor:
- Avtomatik — kampaniya ob'ektiviga qarab eng mos beshta ko'rsatkich
- To'liq — avtomatik tanlov ustiga CTR, CPM, chastota, qamrov va unique kliklar; video kampaniyada Hook Rate va Hold Rate ham
- Maxsus — ro'yxatdan o'zingiz belgilaysiz
Avtomatik rejim ko'pchilik uchun yetadi va u kampaniya turini o'zi hisobga oladi — lid yig'adigan kampaniyada boshqa, sotuv kampaniyasida boshqa ko'rsatkich chiqadi.
Qachon va qanchalik batafsil
Davr sifatida bugungi kun, kechagi kun, hafta yoki oy tanlanadi. Haftalik hisobot uchun hafta kunini, oylik uchun oy kunini ko'rsatasiz. Oyning 29-31-kuni tanlansa, qisqa oylarda o'sha hisobot o'tkazib yuboriladi — buni tizim oldindan aytadi.
Batafsillik uchun uch daraja bor: qisqa (faqat umumiy jami), batafsil (har kampaniya alohida va umumiy jami) va batafsil + guruhlar (kampaniya ichida ad set'lar ham). Batafsil rejimlar faqat bir kunlik hisobotlarda ishlaydi — haftalik xabar aks holda o'qib bo'lmaydigan darajada uzayib ketadi.
Hisobotni barcha kampaniyalar bo'yicha yoki faqat siz tanlagan kampaniyalar bo'yicha olish mumkin. Xabarning sarlavhasini ham o'zingizga moslashtirish mumkin.
Telegram, Google Sheets yoki ikkalasi
Hisobot faqat Telegram bilan chegaralanmaydi. Uni Google Sheets jadvaliga ham yozdirish mumkin va ikkala kanalni birga yoqish ham mumkin.
Jadvalda ikki ish rejimi bor. Birinchisi — oddiy qo'shib borish: har hisobot oxiriga yangi qator bo'lib tushadi, ya'ni vaqt bo'yicha tarix o'zi yig'iladi. Ikkinchisi — shablon rejimi: sizda tayyor jadval bor va har bir ko'rsatkich aniq ustunga, sanaga mos qatorga yozilishi kerak. Shablon rejimi faqat bir kunlik hisobotlar bilan ishlaydi.
CRM sotuvlarini qo'shish
Bitrix24 yoki amoCRM ulangan bo'lsa, hisobot oxiriga sotuvlar bo'limini qo'shish mumkin: tanlangan davrdagi bitimlar statistikasi. Voronka bosqichlari bo'yicha alohida ko'rsatish ham mumkin.
Bitta muhim tafsilot: bu raqamlar butun CRM bo'yicha hisoblanadi, faqat shu kampaniya bo'yicha emas. Ya'ni ular reklama ko'rsatkichlari bilan yonma-yon turadi, lekin ularning bevosita natijasi degani emas.
Reklama to'xtab qolsa
Hisobotga balans ogohlantirishini ham qo'shib qo'yish mumkin. U ikki holatda ishlaydi: reklama to'xtab qolganda (to'lov o'tmadi yoki chegaraga yetildi) va to'lanmagan qarz oshib ketganda.
Facebook sarflangan pulni keyin undiradi, ya'ni sizda doim to'lanmagan qarz turadi. Siz limitni belgilaysiz; qarz shu limitning 80 foiziga yaqinlashganda erta ogohlantirish, oshganda esa takroriy xabar keladi.
Bu ogohlantirish faqat Telegram kanali yoqilgan bo'lsa ishlaydi — jadvalga yozilgan qator hech kimni uyg'otmaydi.
