Facebook Ads xarajati va foyda bitta jadvalda
yangilangan: 4 daqiqa o'qish
Ibrohim Bultakovasoschi
Bepul boshlashReklama kabinetida sarf bor, CPA kabinetida daromad bor, ikkalasini qo'shadigan joy esa odatda targetologning bloknoti bo'ladi. Moliya bo'limi shu bloknotning o'rnini bosadi.
Ikki ekran orasidagi bo'shliq
Facebook Ads Manager sizga qancha pul sarflaganingizni aytadi. CPA tarmog'ining kabineti qancha buyurtma tasdiqlanganini aytadi. Ikkovi bir-birini ko'rmaydi.
Natijada eng muhim savol javobsiz qoladi: bu kampaniya foyda keltiryaptimi? Uni hisoblash uchun ikkita jadvalni qo'lda solishtirish, valyutani almashtirish va lidlarni kampaniyaga bog'lash kerak bo'ladi — har kuni.
Moliya bo'limi shu ishni o'zi qiladi. Lid qaysi reklamadan kelgani allaqachon ma'lum, buyurtma holati CPA tarmog'idan qaytadi, sarf esa Facebook'dan olinadi.
Bir ekranda nima turadi
Yuqoridagi kartalar butun tanlangan davr bo'yicha yakunni beradi:
- Lidlar va Yetkazilgan — kelib tushgan lidlar va xaridorga yetkazilgan (sotilgan) CPA buyurtmalari soni
- Yetkazish darajasi — yakunlangan buyurtmalardan sotilganlari ulushi, foizda
- Xarajat — Facebook'dagi reklama sarfi, dollarda
- Daromad va Hold — tasdiqlangan va hali kutilayotgan CPA to'lovlari, dollarga o'tkazilgan holda
- CPL — bitta lidning narxi
- Foyda, Kutilayotgan foyda va ROAS
«Kutilayotgan foyda» alohida izoh talab qiladi. Hold — bu hali sotilmagan, lekin sotilsa to'lanadigan buyurtmalar. Ularning hammasi yetib bormaydi, shuning uchun tizim holdni oxirgi 30 kundagi yetkazish foizingizga ko'paytiradi va shundan keyin daromadga qo'shadi. Bu yerda yetkazish — lidning CRM yoki Telegram'ga yetib borishi emas, buyurtmaning xaridorga yetishi: oxirgi 30 kunda yakunlangan buyurtmalardan qanchasi «Sotildi», qanchasi «Qaytdi» yoki «Rad etildi» bo'lgani. Ya'ni bu optimistik emas, tarixingizga asoslangan taxmin.
Kampaniyadan reklamagacha
Yakuniy raqam savolga javob bermaydi — u faqat savol tug'diradi. Shuning uchun jadval uch darajaga bo'linadi: kampaniya, ad set va alohida reklama. Kampaniyani tanlaganingizda uning ad set'lari ochiladi, ad set'ni tanlaganingizda esa reklamalari.
Har bir qator belgilangan chegaralarga qarab rang oladi: «Qimmat», «Chegaraga yaqin», «Zarar zonasi». Chegarani o'zingiz qo'yasiz — CPL uchun dollarda, ROAS uchun koeffitsiyent sifatida. Yangi kampaniya esa «Yangi — baholashga erta» deb belgilanadi va shoshilinch xulosadan saqlaydi.
Qator yonida yana bitta raqam turadi — shu kampaniya uchun lid narxining zararsiz chegarasi. CPL shu raqamdan oshsa, kampaniya o'zini oqlamay qo'yadi.
So'm, dollar va kurs
Facebook sarfni odatda dollarda ko'rsatadi, CPA tarmoqlari esa so'mda to'laydi. Solishtirish uchun ikkalasini bitta valyutaga keltirish kerak, shuning uchun Moliya bo'limida barcha summalar dollarda turadi.
Standart holatda so'mdagi summa o'sha kunning Markaziy bank kursi bo'yicha dollarga o'tkaziladi — o'rtacha oylik kurs emas, aynan o'sha kun. Agar siz dollarni boshqa kursda sotib olsangiz, kursni sozlamalarda qo'lda kiritib qo'yasiz va hisob shu raqam bo'yicha ketadi.
Ekranga qaramasangiz ham xabar keladi
Panelni har kuni ochib o'tirish shart emas. Ikkita ogohlantirish Telegram orqali o'zi keladi.
Birinchisi — CPL ogohlantirishi: tizim lid narxini har soatda tekshiradi va u siz qo'ygan chegaradan oshsa, alohida xabar yuboradi. Ikkinchisi — kunlik foyda-zarar hisoboti: har kuni kechqurun soat 23:00 da keladi va unda ikki bo'lim bor — yakunlangan so'nggi kunlarda zarar keltirgan kampaniyalar va foyda keltirganlari.
Hisobotning bu ikki bo'limi bitta xabar ichida keladi, ya'ni kechqurun telefoningizga ikki xil bildirishnoma emas, bitta tushadi. Reklama ko'rsatkichlarini ham har kuni ko'rmoqchi bo'lsangiz, Facebook Ads hisobotini Telegram'ga sozlash mumkin.
Raqamlarning chegarasi
Bo'lim o'z chegarasini yashirmaydi, chunki yashiringan chegara noto'g'ri qarorga olib keladi.
Barcha manzillar ham lid yo'qolganini qaytarib ayta olmaydi — bunday manzillar ishlatilsa, «Yo'qotilgan» ustuni to'liq bo'lmaydi va buni jadvalning o'zi aytadi. Bundan tashqari, hech qanday reklamaga bog'lanmagan natijalar alohida ko'rsatiladi: ular qatorlarga kirmaydi, lekin yashirilmaydi ham.
Yana bir farq: yuqoridagi «Lidlar» kartasi kelib tushgan lidlarni sanaydi, platformalar jadvali esa yuborishlarni. Bitta lid bir nechta manzilga ketsa, ikkinchi raqam kattaroq bo'ladi — bu xato emas, ikki xil savolning ikki xil javobi.
Xarajat ma'lumotlari Facebook'dan har olti soatda yangilanadi, ya'ni bugungi sarf jonli hisoblagich emas. Ba'zi reklama akkauntlarining valyutasi hali qo'llab-quvvatlanmaydi va bunday holatda xarajat to'liq bo'lmasligi haqida ogohlantirish chiqadi.
Buyurtmalar ro'yxati
Yonidagi «Buyurtmalar» bo'limi CPA tarmoqlaridan — masalan, 100k.uz — qaytgan buyurtmalarni ro'yxat qilib beradi: buyurtma ID, kampaniya, holat, to'lov va sana.
Holat ustunida beshta qiymat bo'ladi: Kutilmoqda, Qabul qilindi, Sotildi, Qaytdi, Rad etildi. To'lov ustunida esa yo aniq summa turadi, yo «Sotilsa to'lanadi (hold)», yo «Sotilmagan — to'lov yo'q».
Shu ro'yxat Moliya bo'limidagi Daromad va Hold raqamlarining manbasi. Yakuniy raqam shubha tug'dirsa, uni shu yerda qatorma-qator tekshirish mumkin.
