Facebook va Instagram reklama izohidan lid olish
yangilangan: 2 daqiqa o'qish
Ibrohim Bultakovasoschi
Bepul boshlashIzoh ostida "narxi qancha" deb raqamini yozib ketgan odam ham mijoz. Uni qo'lda ko'chirib olmasangiz, u shunchaki izohda qolib ketadi.
Izohda qolgan raqam ham lid
Reklama ostidagi izohlarda odamlar ko'pincha shunchaki telefon raqamini qoldiradi: "menga qo'ng'iroq qiling" va raqam. Forma to'ldirilmagan, ya'ni Facebook uchun bu lid emas — lekin sotuvchi uchun aynan lid.
Integratsiya sozlamalarida «Reklama izohlaridan ham lid olish» yoqilsa, Yuboraman unga bog'langan reklamalarning Facebook va Instagram'dagi izohlarini kuzatadi, telefon raqamini topadi va lid sifatida qayd etadi. Lid siz tanlagan manzilga boradi — izohlarni qo'lda ko'chirib o'tirish shart emas.
Bu ayniqsa izoh ko'p to'planadigan kampaniyalarda sezilarli: yuzlab izohni kuniga ikki marta ko'zdan kechirish real emas, ular orasidagi o'nlab raqam esa real pul.
Formasiz kampaniyalar ham lid beradi
Har bir kampaniya Facebook lid formasi bilan ishlamaydi: trafik yoki qamrov uchun ishga tushirilgan reklamalarda forma umuman bo'lmaydi. Izohlar esa baribir yozilaveradi.
Izohdan lid olish shu bo'shliqni yopadi — formasiz integratsiya faqat izohlardan lid yig'adi, ya'ni forma yo'q joyda ham kampaniya o'z mijozini beradi.
Oddiy sahifa postlari uchun alohida sozlama bor — «Sahifadagi barcha izohlar». U yoqilsa, organik postlar va integratsiyaga bog'lanmagan reklamalar izohlaridagi raqam ham yig'iladi. Bitta sahifada bu rejim faqat bitta integratsiyada yoqiladi.
Chegara: raqam O'zbekiston formatida bo'lishi kerak
Tizim izohdan O'zbekiston telefon raqamlarini taniydi: +998, 998 yoki 8 bilan boshlangan va 9 xonali mahalliy raqamni — bo'shliq, chiziqcha yoki qavs bilan yozilgan bo'lsa ham, hatto nol o'rniga «o» harfi bilan ham. Yil, narx kabi sonlar raqam deb olinmaydi. Chet el formatidagi raqam tanib olinmaydi va lid bo'lmaydi.
Auditoriyangizning bir qismi chet eldan bo'lsa, bu chegarani hisobga oling: ular izoh yozishda davom etadi, lekin raqami avtomatik yig'ilmaydi.
Raqam izohning o'zida bo'lishi kerak. "Shaxsiyga yozdim" yoki "raqamimni bilasiz" degan izoh tizim uchun raqamsiz izoh.
Bu lid formasining o'rnini bosmaydi
Izohdan olingan lidda faqat ism va telefon raqami bo'ladi — ular formangizning siz tanlagan ikki maydoniga yoziladi. Forma so'raydigan boshqa javoblar — hudud, qiziqqan mahsulot — izohda yo'q, chunki ularni hech kim so'ramagan.
Shuning uchun izoh lidlari odatda sovuqroq: sotuvchi suhbatni noldan boshlaydi. Buning evaziga ular qo'shimcha byudjetsiz keladi — kampaniya allaqachon ishlayapti, izohlar allaqachon yozilyapti. Raqamsiz izohlarga esa AI javob yozib, raqam so'rashi mumkin.
Qo'ng'iroq qilishdan oldin shuni yodda tuting: izoh lidiga savol bilan boshlash kerak, taklif bilan emas. Odam nimaga qiziqqanini hali hech kim so'ramagan.
